Fan va ta’lim.

Boshlang‘ich ta’lim sifatiga e’tibor

O‘zA, Nazokat Usmonova, 13.05.2014 19:13

 

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan boshlang‘ich ta’lim sifati va samaradorligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Unda xalq ta’limi tizimi mutasaddilari, pedagogika sohasida izlanish olib borayotgan olimlar, uslubchilar, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri U.Inoyatov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish borasidagi ezgu sa’y-harakatlarda ta’lim tizimini tubdan isloh etishga davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan hayotga izchil tatbiq etilayotgan «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonun bilim maskanlarini tubdan ta’mirlash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, o‘qitish sifati va mazmunini yaxshilash imkonini bermoqda.

“Sog‘lom bola yili” Davlat dasturida boshlang‘ich sinflarda o‘qitish samaradorligini oshirish, bu yo‘nalishdagi ta’lim sifatini yaxshilash bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan. Bu boradagi ishlarni izchil amalga oshirish maqsadida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan umumiy o‘rta ta’lim tizimida boshlang‘ich ta’limning sifat va samaradorligini oshirish bo‘yicha harakat dasturi ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etilayotir.

Mazkur dasturga ko‘ra boshlang‘ich ta’limning me’yoriy asoslari chuqur tahlil qilinib, davlat ta’lim standartlari, o‘quv dasturlari, o‘qituvchiga qo‘yiladigan malaka talablari va boshqa me’yorlar zamon talabi asosida qayta ishlab chiqildi. Ayni paytda boshlang‘ich ta’limning mazmunini takomillashtirishga doir zamonaviy pedagogik texnologiyalarni aniqlash va amaliyotga tatbiq etish, darsliklar mazmun-mohiyatiga ijodiy yondashuv asosida maqsadlarni singdirishga, ya’ni bilim berish bilan bir qatorda, o‘quvchilarda amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga alohida ahamiyat berilmoqda.

– O‘quvchining bilim olishga bo‘lgan intilishi, ishtiyoqi, ma’naviy dunyosi, tafakkurining shakllanishida boshlang‘ich ta’lim muhim o‘rin tutadi, – deydi Buxoro viloyati Romitan tumanidagi 1-umumta’lim maktabi boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Surayyo Murodova. – O‘quvchilarga bilim berish jarayonida bolalarning o‘zlashtirishini doimiy rag‘batlantirish, ilg‘or ta’lim uslublari, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, multimedia dasturlarni imkon qadar ko‘proq amaliyotga joriy etishga harakat qilayotirmiz. Bularning barchasi bolalarning darslarni puxta va mukammal egallashida asosiy omildir.

Tadbirda boshlang‘ich ta’limni modernizatsiyalash va samaradorligini oshirishning ilmiy-amaliy masalalari, chet tillarini o‘qitish tizimi, 1-4-sinf o‘quvchilari o‘quv faoliyatini rivojlantirish, ularning mantiqiy va ijodiy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish, ta’lim sifatini oshirishga innovatsion yondashuvlar kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi. O‘qitishning ushbu bo‘g‘inini yanada takomillashtirishning istiqbollari belgilab olindi.

Buxoronoma (№40-41)17.05.2014-yil.

 

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *