“Yaxshi muallim – sifatli ta’lim”

“Yaxshi muallim – sifatli ta’lim” nomli

 tashkiliy-metodik tadbirlar kompleksi pedagogik innovatsiya sifatida

 Mustaqillik yillarida ta’lim-tarbiya sifati va samaradorligini zamon talablari darajasiga ko‘tarish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Dunyoning barcha rivojlanayotgan davlatlari (hatto bir qator rivojlangan davlatlar ham) XXI asrda o‘z oldiga hamma bolalarni umumiy o‘rta ta’lim jarayoniga to‘liq qamrab olish masalasini qo‘ygan bir vaqtda, mustaqil O‘zbekistonimizda ushbu muammo allaqachon muvaffaqiyatli hal etilgan bo‘lib, navbatdagi ustuvor vazifa sifatida sifatli ta’lim-tarbiya berish, ta’limning samaradorligini oshirish masalasi qo‘yildi. Zero mamlakatimizda bolalarning umumiy o‘rta ta’lim bilan qamrab olish darajasi jahonda yuqori ko‘rsatgichni 99,7% ni tashkil etadi. Mamlakatimizda butun dunyoda noyob deb tan olingan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi amalga oshirilmoqda, 2009 yildan boshlab
12 yillik (9+3) majburiy bepul ta’lim joriy etildi.

Bugungi kunda ilm-fan, texnika va ishlab chiqarish sohalarining tez sur’atlarda jadallik bilan rivojlanishi barcha ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya sifatini mazmun jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishni talab etmoqda. Bu o‘z o‘rnida har bir tizim xodimi, ayniqsa, o‘qituvchilar zimmasiga yanada yuksak mas’uliyat va vazifalarni yuklaydi. Negaki, rad qilib bo‘lmaydigan bir haqiqat bor — qilingan barcha sa’y-harakatlar oxir-oqibat o‘qituvchi mehnati orqali o‘z natijasini o‘quvchilarning yaxshi bilimi va xush axloqida namoyon etadi. Shunday ekan, pedagoglardan vijdonan mehnat qilish, yorug‘ kelajagimiz oldidagi mas’uliyatlilik, ko‘rsatilayotgan yuksak e’tiborga munosib javob berish talab etiladi.

Demak ta’lim-tarbiyaning sifati, samaradorligi birinchi navbatda sifatli ta’limga bog‘liq. Sifatli ta’lim esa xalqona tilda aytganda yaxshi muallimga,  o‘qituvchi va tarbiyachiga bog‘liq.

Inson paydo bo‘libdiki, ta’lim-tarbiya paydo bo‘lgan. Ta’lim-tarbiya paydo bo‘libdiki ustoz-murabbiylarga xos bo‘lgan sifatlar hamda talablar ortib borgan.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, “yaxshi” degan so‘zning ortida doimo ijobiylik, samarali natijaga erishganlik tushunchasi turadi. Ya’ni, yaxshi muallimlarning yaxshiligi ularning yuqori natijalarga erishgan o‘quvchilari hamda jamiyatda o‘z o‘rnini topgan shogirdlarining ko‘pligi bilan izohlangan.

Pedagogika sohasida ilmiy tadqiqotlarda “O‘qituvchilarning mahorati”, “Zamonaviy o‘qituvchining qiyofasi”, “O‘qituvchilarning kasbiy kompetentliligi” mavzularda bir qator ilmiy izlanishlar, tadqiqotlar amalga oshirilgan. Ularning barchasi ilmiy tilda yozilgan bo‘lib, asosan “Zamonaviy o‘qituvchi qanday bo‘lishi kerak ?” degan savolga javob izlangan.

Shu yo‘nalishda xalq ta’limi tizimida ham sifatli ta’limni joriy etish maqsadida barcha o‘qituvchilar tushunadigan sodda va aniq tilda
“Dars muqaddas”, “O‘rgan-o‘rgat”, “Sog‘lom muhit – sog‘lom jamoa”, “Uzluksiz va uzviy” kabi bir qator innovatsiyalar amaliyotga joriy etildi.

Mazkur innovatsiyalarning mantiqiy davomi sifatida
“Yaxshi muallim – sifatli ta’lim” nomli tashkiliy- metodik tadbirlar kompleksi tavsiya etilmoqda. Navbatdagi innovatsiya oldingilaridan o‘zining eng muhim bir xususiyati, avvalgi tavsiyalarni o‘zida mujassamlashtirganligi va ularni rivojlantirganligi hamda tizimda o‘z-o‘zini baholash metodini joriy etilishi bilan farq qiladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda yaxshi muallim quyidagi xususiyatlarga ega bo‘lishi lozim deb hisoblaymiz:

— O‘z fani bo‘yicha yaxshi kasbiy tayyorgarlikka ega bo‘lishi
(doimiy ravishda fanidagi metodik yangiliklardan xabardor bo‘lishi);

— Dars jarayonida pedagogik va axborot — kommunikatsiya  texnologiyalaridan o‘z o‘rnida samarali foydalana olishi;

— Darsga qo‘yilgan maqsadlarga erishishi, dars jarayonida har bir o‘quvchining aqliy va ma’naviy rivojlanishiga shart-sharoit, imkoniyat yaratishi;

— har bir o‘qituvchining qo‘lida qog‘oz va elektron shaklda (fleshka, kompyuterda va boshqalar) fani bo‘yicha Davlat ta’lim standartlari, o‘quv dasturlari, taqvim-mavzu reja, dars ishlanmasi (konspekti) mavjud bo‘lishi hamda o‘qituvchi bular haqida puxta bilimga ega bo‘lishi lozim;

— fan xonalari vazirlik tavsiyalari asosida interfaol usulda darslarni yuksak saviyada o‘tilishiga doim tayyor holatda bo‘lishi;

— har bir darsga mas’uliyat bilan yondashib, puxta tayyorgarlik ko‘rgan holda kirishi;

— o‘qituvchi darsini kuzatishga kelgan kompetentli komissiya a’zolari oldida o‘zini yo‘qotib qo‘yib, xijolatli vaziyatga tushib qolmaslik uchun tegishli choralarni ko‘rishi.

— fan to‘garagini samarali faoliyat yuritishiga sharoit yaratishi va faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishi;

— ota-onalarni farzandlarining ta’lim-tarbiya  jarayoniga ko‘proq va kengroq jalb etish, ularning hohish-istaklaridan kelib chiqqan holda to‘garaklar tashkil etish;

— Inson va ustoz sifatida o‘z o‘quvchilari va hamkasblariga shaxsiy namuna bo‘lishi va boshq. (jamiyatda va jamoada obro‘-e’tiborga ega bo‘lishi );

O‘qituvchilar «Dars muqaddas» tavsiyalarida ta’kidlanganidek  «O‘qituvchining darsga puxta tayyorgarligi ta’lim muvaffaqiyati va samarasi garovi» ekanligini ongida, tafakkurida doimo faollashtirib turishi hamda amaliyotini shunga moslashtirib borishi lozim.

Sifatli ta’lim ko‘p jihatdan quyidagi omillarga bog‘liq:

  1. O‘qituvchining darsga puxta tayyorgarligiga:

O‘qituvchining darsga tayyorgarligi quyidagi ikki bosqichdan iborat:

  1. O‘qituvchining o‘z fani yuzasidan umumiy tayyorgarligi.
  2. O‘qituvchining har bir darsga kundalik tayyorgarligi.

O‘qituvchining umumiy tayyorgarligi muntazam amalga oshirib boriladigan jarayon bo‘lib, o‘quv yili boshlanishi oldidan quyidagilarni qamrab oladi:

— Davlat ta’lim standarti (DTS), o‘quv dasturi, o‘quv reja hamda ularga berilgan tushuntirish xatlarini o‘rganib chiqish;

— O‘zi dars beradigan o‘quv faniga oid yangi ilmiy va metodik adabiyotlarning  mazmuni bilan tanishish;

— tegishli  ko‘rgazma materiallarni, o‘quv-jihozlarini o‘rganish, ularni qo‘llay bilish;

— ilg‘or o‘qituvchilarning ish tajribalarini o‘rganish, tahlil qilish orqali o‘z bilimini kengaytirish;

— kompyuter texnikasidan foydalanish ko‘nikmasini shakllantirib, bu boradagi mahoratini oshirish, elektron darsliklar, matn muharrirlari, “ZiyoNet” axborot ta’lim portaliga joylangan ma’lumotlardan samarali foydalanish kabilardir.

O‘qituvchining darsga kundalik tayyorgarligi eng asosiy vazifalardandir.

Darsga tayyorgarlik ko‘rish quyidagi bosqichlarda amalga oshirilishi lozim:

1-bosqich: Taqvim-mavzu rejadagi yangi mavzu va unga ajratilgan vaqt (soat) aniqlashtirib olinadi.

2-bosqich: DTS va o‘quv dasturidan o‘tilayotgan mavzu yuzasidan o‘quvchida qanday tushunchalar (bilim, ko‘nikma va malakalar) shakllantirilishi lozimligi aniqlashtirilib, shu asosida dars maqsadlari belgilab olinadi.

3-bosqich: Mavzu asosida darsda foydalaniladigan texnik vositalar, elektron manbalar, slaydlar, ko‘rgazmali va didaktik materiallar, adabiyotlar o‘rganib chiqiladi hamda dars ishlanmasi (konspekti) yoziladi.

Dars ishlanmasi (kons­pekt)­ning tarkibiy qismlari quyidagilardan iborat:

Sana, sinf (parallel sinf­lar uchun bitta mavzu bo‘yicha alohida-alohida dars ishlanmasi(konspekt)ni yozish shart emas, bitta mavzuga bitta dars ishlanmasi yozilsa kifoya. 5-«A», «B» sinflar deb ko‘rsatiladi), fan nomi yoziladi.

Darsning mavzusi (taqvim-mavzu reja asosida).

Dars maqsadi (darsga qo‘yilgan maqsad 45 daqiqa davomida bajariladigan (erishiladigan), aniq, hayotiy (real) va dars yakunida baholanadigan(o‘lchamli) bo‘lishi maqsadga muvofiq):

  1. a) ta’limiy maqsad — dars jarayonida o‘quvchilarda shakllantiriladigan bilim, ko‘nikma va malakalar asosida belgilanadi;
  2. b) tarbiyaviy maqsad — dars jarayonida o‘quvchilarda qaysi axloqiy sifatlar shakl­lantirilishi asosida belgilanadi;
  3. s) rivojlantiruvchi maqsad — dars natijasida o‘quvchilarda qaysi bilimlar va axloqiy fazilatlar rivojlantirilishi asosida belgilanadi.

Dars turi: yangi tushuncha, bilimlarni shakllantiruvchi; o‘quvchilarning bilim, ko‘nikma va malakalarini rivojlantiruvchi; umumlashtiruvchi; o‘quvchilar egallagan bilim, ko‘nikma va malakalarni tahlil, nazorat qiluvchi  kabi dars turlari bo‘lishi mumkin.

Darsda foydalaniladigan metodlar: bunda an’anaviy, zamonaviy, interfaol metodlardan o‘tilayotgan mavzuning o‘quvchilar tomonidan samarali o‘zlashtirilishiga xizmat qiladiganini oqilona tanlash lozim.

Darsda foydalaniladigan jihozlar: texnik vositalar, slaydlar, ko‘rgazmali va didaktik materiallar.

Darsni tarkiban quyidagi qismlarga ajratish mumkin:

tashkiliy qism;

o‘tilgan mavzuni takrorlash (mustahkamlash);

yangi mavzuni tushuntirish;

yangi mavzuni mustahkamlash;

o‘quvchilarni baholash;

uyga vazifa berish.

Dars ishlanmasini tayyorlashda o‘qituvchi darsning har bir qismini e’tiborga olishi maqsadga muvofiq.

 

  1. Ikkinchidan sifatli ta’lim o‘qituvchilar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, ilg‘or ish tajribalarini faoliyatlariga muntazam joriy etishlariga bog‘liq:

 

Bugungi kunda dunyoda ishlab chiqarish sohasida, katta-katta kompaniyalar o‘rtasida ham tajriba almashish  amaliyoti keng joriy etilib kelinmoqda (ayrim hollarda ular buni bir-biriga sezdirmay amalga oshiradi). Mazkur tajriba BENJMARKING (benchmarking)iqtisodiy raqobatda bo‘lgan ishlab chiqarish korxonalari, tashkilotlarning bir-biridan o‘rganish va o‘rgatish tajribasi.

Ushbu tajriba xalq ta’limi tizimida biz uchun “begonaligi” yaqqol sezilib turgan “Benchmarking” o‘rniga, o‘zimizga xos xususiyatlarimiz asosida xalqona tilda ishlab chiqilib, “O‘RGAN — O‘RGAT” nomi bilan oshkora, shaffof tarzda amaliyotga joriy etib kelinmoqda.

Xalqimizning quyidagi donishmand naqliga amal qilish barcha o‘rgan-o‘rgat jarayoni ishtirokchilariga tavsiya etiladi:

— Biladi, ko‘proq bilishga intiladi — u olimdir, undan o‘rganmoq kerak.

— Bilmaydi, lekin bilmasligini biladi — u umidli insondir, unga o‘rgatmoq kerak.

— Bilmaydi, bilmasligini ham bilmaydi — u uyqudadir, uni uyg‘otish kerak.

Ushbu toifalanishni rahbarlarga, o‘qituvchilarga, sinf rahbarlariga yoki o‘quvchilarga ham qo‘llash mumkin. Chunki o‘qituvchi o‘zining o‘quvchisining, rahbar o‘z o‘qituvchisining, tuman mutasaddilari maktab jamoalarining layoqatini, iste’dodini, qay bir “umidli” yoki qay biri “uyquda” ekanligini biladi. Shuning uchun bugungi kunda – muammollarni aniqlab, ba’zilariga o‘rgatib, ayrimlarining qalbida o‘ziga ishonchini uyg‘otish lozim.

O‘qituvchilarning esa doimiy ravishda o‘z mahorati va tajribasini oshirishning eng muhim shakli o‘zaro dars tahlillari hisoblanadi.

Darslarni tahlil qilish faqatgina metodik ahamiyatga ega bo‘lmay, balki maktabda o‘quv-tarbiya jarayoniga rahbarlik va nazoratning muhim shakllaridan biridir.

O‘qituvchi darsini kuzatish va tahlil qilish amaliyotining tizimli amalga oshirilishi darslarni qiyoslash va yo‘l qo‘yilgan xatolarning bartaraf etilganligini aniqlash imkoniyatini beradi. O‘qituvchilarning o‘zaro dars kuzatishi tajriba almashinuv jarayoni bo‘lib, dars o‘tayotgan o‘qituvchi bor mahoratini ishga solib, yuqori ishchanlik bilan faoliyat ko‘rsatsa, tahlil qiluvchi o‘qituvchi esa taklif va mulohazalar berish orqali tajribasini boyitadi, metodik malakasini oshiradi.

Dars tahlillarini muhokama etishda eng muhimi bir-birini kamsitmasdan, tanqid qilmasdan, samimiy hurmatga asoslanib “mening fikrimcha bunaqa usulda tushuntirsangiz samarali bo‘lar edimi” yoki “bunday qilsak yaxshi bo‘larmikin” kabi tavsiyalar berilishi lozim.

Dars tahlili mashg‘ulotni kuzatish, o‘rganish shaklida olib boriladi. Buning uchun, eng avvalo, darsga kirishdan  maqsad nimadan iborat ekanligini aniqlab olish zarur. Dars quyidagi maqsadda kuzatiladi va tahlil qilinadi:

  • ta’lim va tarbiya jarayoni sifatini aniqlash;
  • o‘qituvchining pedagogik mahoratini oshirishga yordam berish;
  • ilg‘or ish usullari va metodlarini o‘rganish va ommalashtirish;
  • o‘qituvchilarning o‘zaro tajriba almashishi;
  • o‘quvchilarning bilish faoliyatini o‘rganish va boshq.

 

Dars tahlili kuzatish va o‘rganish shaklida olib boriladi.

Xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish tuman (shahar) bo‘limi mudirlari, o‘rinbosarlari, metodistlari tomonidan haftasiga kamida 2 soat, ta’lim muassasalari direktorlari, ularning o‘rinbosarlari tomonidan 4 soat, fan metodbirlashma rahbari tomonidan 2 soat, o‘qituvchilar tomonidan 1 soat o‘qituvchilar darslari kuzatilishi va tahlil qilinishi maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Darsning tahlili quyidagi turlarga bo‘linadi:

  1. Ilmiy tahlil. 2. Psixologik tahlil. 3. Metodik tahlil.
    4. Didaktik tahlil. 5. Umumpedagogik tahlil va boshqa tahlillar (yoki bularning hammasini qamrab oladigan kompleks tahlil).

Unutmangki, sifatli dars — bu, o‘quvchilar tomonidan samarali o‘zlashtirilgan dars.

 

III. Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda har bir o‘qituvchi quyidagi baholash metodi asosida o‘z-o‘zini baholash tavsiya etiladi.

O‘z-o‘zini hamda hamkasbini baholash xolisona o‘tkazilishi hamda o‘qituvchilarning kasbiy jihatdan rivojlanishiga xizmat qilish lozim.

Baholash jazolash vositasi bo‘lib yoki qog‘ozbozlikni kelib chiqishiga xizmat qilmasligi lozim.

O‘z-o‘zini hamda hamkasbini baholash metodini amaliyotga joriy etish
3 ta bosqichdan iborat.

1-bosqich: Baholash varaqasi 350 ballik (o‘zining bahosi
175 ball, hamkasblarining bahosi 175 ball)
tizimda o‘qituvchining o‘zi, so‘ngra esa ikkinchi qismi maktab direktori, direktorning o‘rinbosarlari, maktab kasaba uyushmasi raisi, o‘qituvchi dars berayotgan fan metod birlashma rahbari va hamkasblari tomonidan birgalikda to‘ldiriladi. Baholash o‘qituvchining rivojlanishiga xizmat qilishi maqsadida ob’ektiv amalga oshirilishi shart.

2-bosqich: Baholash natijalarini umumlashtiradi, hamkasblarining hamda o‘zining o‘ziga qo‘ygan baholari asosida qanday o‘qituvchi ekanligini bilib oladi;

3-bosqich: Faoliyati samaradorligini oshirish, shu jumladan, o‘zida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish tadbirlarini belgilaydi hamda amalga oshiradi.

 

1-bosqich:

O‘z-o‘zini hamda hamkasbini baholash

 

O‘qituvchining ismi-sharifi ___________________________________________

Mutaxassisligi (diplom bo‘yicha) ______________________________________

Hozirgi kunda qaysi fandan dars bermoqda _____________________________

Malaka toifasi ____________________________________________________

Malaka oshirishdan yoki qayta tayyorlovdan o‘tgan yili ____________________

 

T.r Ko‘rsatkichlar O‘z-o‘zini baholash Hamkasbi yoki ta’lim muassasi rahbariyatining bahosi
O‘rtacha (3 ball) Yaxshi (4 ball) Juda yaxshi
(5 ball)
Javob berishga qiynalaman (+) O‘rtacha (3 ball) Yaxshi (4 ball) Juda yaxshi
(5 ball)
Javob berishga qiynalaman (+)
1 O‘z mutaxassiligi bo‘lgan fan nazariyasini bilishi (kasbiy mahorati)                
2 O‘z fani bo‘yicha Davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlarining takomillashtirishga oid yangiliklardan xabardorligi                
3 Darsga tayyorgarlik ko‘rish darajasi                
4 Hududdagi axborot-resurs markazidan foydalanishi                
5 Maktabdagi kutubxonadan foydalanishi                
6 O‘z faniga oid elektron darslik va o‘quv filmlaridan foydalanishi                
7 Kasbiy mahoratini oshirish maqsadida o‘z ustida mustaqil ishlashi                
8 Hamkasblarining darslarini tahlil qilishi                
9 O‘z faniga oid ilg‘or ish tajribalarni faoliyatida qo‘llashi                
10. Fan metod birlashmada yangiliklarni muhokama qilishga tayyorlaganligi                
11. Maktabidagi sherigi, hamkasbi bilan tajriba almashishni yo‘lga qo‘yganligi                
12. Qo‘shni maktab, tuman va viloyatlardagi hamkasbi bilan tajriba almashishni yo‘lga qo‘yganligi                
13 “Mahorat maktabi”dagi faoliyati                
14 Darslarida interfaol metodlarni samarali qo‘llay olishi                
15 Darslarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llay olishi                
16

 

Dars jarayonida qo‘yilgan maqsadga erishish darajasi                
17 O‘quvchilarining ichki va tashqi monitoringdagi o‘zlashtirish darajasi                
18 O‘quvchilarining tarbiyalanganlik darajasi                
19 O‘quvchilarining tuman miqyosidagi ko‘rik-tanlovlar, bellashuv va fan olimpidalaridagi natijalari                
20 O‘quvchilarining viloyat miqyosidagi ko‘rik-tanlovlar, bellashuv va fan olimpiadalaridagi natijalari                
21 O‘quvchilarining republika miqyosidagi ko‘rik-tanlovlar, bellashuv va fan olimpiadalaridagi natijalari                
22 O‘zining ish tajribasi targ‘ib etish maqsadida  o‘quv-seminarlarni tashkil etishi                
23 Boshqa o‘qituvchilar va metodistlar tomonidan tashkil etilgan o‘quv-seminarlarda ishtiroki                
24 Mahalliy ommaviy axborot vositalarida chiqishlari                
25 Respublika miqyosidagi ommaviy axborot vositalarida chiqishlari                
26 Konferensiyalarda ma’ruza va tezislar bilan ishtiroki                
27 Dars jarayonida o‘quvchilarga qobiliyatlaridan kelib chiqqan holda (diferensial) yondashuvi                
28 Bo‘sh o‘zlashtiruvchi va qobiliyatli o‘quvchilarga alohida-alohida to‘garak mashg‘ulotlarini tashkil etishi va uning samaradorligi                
29 O‘quvchilarning mustaqil ijodiy fikrlash qobiliyatini o‘stirishni tashkil eta bilishi                
30 Kasbiy mahorat jihatidan jamoada obro‘-e’tiborga egaligi                
31 Inson va yaxshi muallim sifatida o‘z o‘quvchilari va hamkasblariga shaxsiy namunaligi                
32 Ota-onalar bilan ishlashi va uning natijadorligi                
33 Jamoa o‘rtasidagi obro‘-e’tibori                
34 Ota-onalar o‘rtasidagi obro‘-e’tibori                
35 O‘quvchilar o‘rtasidagi obro‘-e’tibori                

 

Izoh:  Baholash varaqasini to‘ldirishda katakchalarga  tegishligi bo‘yicha “3,4,5,” ballaridan birini yoki “javob berishga qiynalaman degan javob o‘rniga” “+” belgisi qo‘ying.

 

2-bosqich: O‘zingizga qo‘ygan ballaringiz va hamkasbingizning Sizga qo‘ygan ballarini qo‘shib umumiy balni aniqlang.

Agar jami ballaringiz 258 baldan yuqori bo‘lsa “Siz yaxshi muallimsiz”. Sizga barchaning havasi keladi hamda hamkasblaringi, o‘quvchilaringiz, ota-onalar o‘rtasida o‘zingizning obro‘-e’tiboringiz hamda o‘rningiz bor. Ish tajribangizni ommalashtirish choralarini ko‘ring. Izlanishda davom eting ! Chunki birinchilikni saqlab qolish oson emas.

Agar jami ballaringiz 210 baldan yuqori, 258 baldan past bo‘lsa
“Siz rivojlanayotgan muallimsiz”. Siz erishgan natijalar o‘rtacha qobiliyatdagi o‘qituvchi erishishi mumkin bo‘lgan natijadir. O‘z ustingizda ko‘proq ijodiy ishlang, darsingizni yanada samarali tashkil etish yo‘llarini o‘rganing, tajriba almashishni yo‘lga qo‘ying !

Agar jami ballaringiz 165 dan yuqori 210 baldan past bo‘lsa
“Siz zamondan orqada qolayotgan muallimsiz”. Siz faqat rasmiy ishingizni bajaryapsiz. Erishgan natijalaringizga hech kimning havasi kelmaydi. O‘z faoliyatingiz va maqsadlaringizni aniqlashtirib oling. Muallimlik faoliyatini davom ettirmoqchi bo‘lsangiz bir haqiqatni esdan chiqarmang “Siz dars berayotgan bolalarning, boshqa mahoratli o‘qituvchi dars berayotgan bolalardan kam joyi yo‘q !”.

Agar jami ballaringiz 165 baldan past bo‘lsa “Siz jamoani orqaga tortayotgan muallimsiz”. Siz o‘qituvchilik faoliyatini yakunlaganingizdan keyin ham hech kim eslamaydi. Muallimlik faoliyatini davom ettirmasangiz ham bo‘laveradi.

3-bosqich: Har bir o‘qituvchi baholash natijalari bo‘yicha o‘zida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish tadbirlarini belgilaydi hamda amalga oshiradi, jumladan “O‘rgan-o‘rgat” tadbirlari asosida.

  1. Yana bir tizimga ommaviy ravishda joriy etish tavsiya etilayotgan innovatsiya sifatida “O‘qituvchi papkasi – dars o‘tish samarasi” deb nomlaymiz.

PORTFOLIO — so‘zi ingliz tilidan tarjima qilinganda “muhim hujjatlar papkasi” degan ma’nonini bildiradi. Shuningdek, portfolio mutaxassisning o‘ziga xos yutuqlari jamlanmasi vazifasini ham bajaradi

O‘qituvchi portfoliosi  – o‘qituvchining pedagogik faoliyatida foydalanish maqsadida o‘zi tayyorlagan yoki to‘plagan hamda tizimga keltirgan metodik materiallar yig‘indisidir. Mazkur materiallar qog‘oz yoki elektron variantda bo‘lib, prezentatsiyalar, dars ishlanmalari, elektron resurslar, boshqa o‘qituvchilarning ilg‘or ish tajribalar, metodik tavsiyalar ko‘rinishida bo‘lishi mumkin. Portfolio o‘qituvchiga darslarni qiziqarli va samarali tashkil etish bilan birgalikda, o‘z hamkasblarining ilg‘or ish tajribalaridan xabardor bo‘lish hamda o‘z tajribasini ommalashtirish imkonini beradi.

Bu tadbirni nafaqat maktab o‘qituvchilari balki, ta’lim muassasasi rahbarlari hamda barcha fan metodistlari tomonidan ham amalga oshirilishi tavsiya etiladi.

 

“O‘qituvchi papkasi” ning strukturasi quyidagicha bo‘lishi mumkin:

1.O‘qituvchi to‘g‘risida umumiy ma’lumotlar:

  • Ismi — sharifi
  • Ma’lumoti
  • Mutaxassisligi
  • Malaka toifasi
  • Pedagogik ish staji
  • Dars berayotgan fani
  • Ish stavkasi (dars soatlari hajmi)
  1. O‘qituvchining o‘z ustida mustaqil ishlash yo‘nalishi va unga oid materiallar:
  • Malaka oshirish kurslaridan o‘tganligi
  • Malaka oshirishdagi ijodiy ishlari
  • Konferensiyalar, seminar va turli o‘quvlarda ishtiroki
  • Turli yo‘nalishdagi tajriba-sinovlarda ishtiroki
  1. O‘qituvchining muvaffaqiyatlari
  • Ilg‘or ish tajribasi
  • Yaratgan yangiliklari, o‘zining mahorati
  • Mukofotlari
  • Ilmiy darajasi
  • Turli taqdirlashlari

Maktab direktori, direktorning o‘quv-tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari maktabdagi dars jarayonini sifatli amalga oshirilishini nazorat qilishga shaxsan mas’ul hisoblanadi.

Shu sababli har kuni har bir o‘qituvchining dars ishlanmasini ko‘rib, tasdiqlash jarayonida ularda darsga kirish uchun quyidagi eng muhim hujjatlar bo‘lishini nazorat qiladi:

— dars ishlanmasi (konspekti);

— taqvim-mavzu reja;

— o‘quv dasturi;

— darslik;

— darsga oid ko‘rgazmali vositalar (plakatlar, sxema jadvallar, xaritalar, elektron resurslar va boshq.)