Inson qadri ulug‘, xotira muqaddas

Inson qadri ulug‘, xotira muqaddas

Ta’lim muassasalarida 9-may — “Xotira va Qadrlash kuni”ni nishonlash yuzasidan metodik tavsiya

Yurtimizda xalqimiz o‘tmishini o‘rganish, ajdodlarimiz ruhini yod etish, ulardan bizga qadar yetib kelgan moddiy va nomoddiy merosni asrash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Har yili nishonlanadigan 9-may — Xotira va Qadrlash kunida xuddi shunday voqelikning yaqqol ifodasini ko‘rishimiz mumkin. Bu bayramni ko‘tarinki ruhda nishonlashga xalq ta’limi tizimida katta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Ikkinchi jahon urushida fashizmga qarshi kurashda mardlarcha halok bo‘lganlar, bugungi kunda ulug‘ yoshga yetib, keksalik gashtini surayotgan sobiq jangchilar, mustaqillik yillarida o‘z xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xotirasini abadiylashtirish, faxriylarga hurmat ko‘rsatish, o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida mehr-oqibat, hamjihatlik, insoniylik, bag‘rikenglik va xayr-saxovat muhitini yana ham mustahkamlashda bu bayramning ta’siri katta.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-apreldagi “Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Xalq ta’limi vazirligining tegishli buyrug‘i qabul qilindi. Shu asosda Respublika ta’lim markazi tomonidan ta’lim muassasalarida Xotira va Qadrlash kuni tadbirlarini mazmunli o‘tkazish yuzasidan tavsiyalar tayyorlandi.

Unga ko‘ra, barcha ta’lim muassasalarida:

— 9-may — Xotira va Qadrlash kunini ko‘tarinki ruhda o‘tkazishga qaratilgan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’rifiy tadbirlar rejasini ishlab chiqish;

— ta’lim muassasalarini mavzuga mos shior va stendlar bilan bezatish;

— nafaqat umumta’lim maktablari, balki maktabdan tashqari ta’lim muassasalarida ham bu kunni esda qoladigan tarzda nishonlash, qishloq, mahalla, ovullarda urush qatnash¬chilari, mehnat faxriylari bilan “Qahramonlik, burch va fidoyilik” hamda “Ajdodlarni xotirlash — muqaddas qadriyat” shiorlari ostida uchrashuvlar, adabiy kechalar o‘tkazilish;

— Xalq ta’limi vazirligining 2015-yil 26-fevraldagi 48-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Hushyorlik va ogohlik — davr talabi!” nomli yo‘riqnomaga qat’iy amal qilish, bayram tadbirlari davomida navbatchilikni qayd etish daftarini muntazam yuritish, xavfsizlik qoidalariga rioya qilish, tadbirlarni bevosita ta’lim muassasasi rahbari boshchiligida o‘tkazish tavsiya etiladi.

Ma’lumki, 1999-yildan beri 9-may yurtimizda Xotira va Qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlab kelinmoqda. Buyuk allomalarimiz qatorida Vatan fidoyilari xotirasini yod etish barchamizning burchimizdir. Yurtimiz ozodligi, mustaqilligi uchun jon fido qilgan qahramonlar — To‘maris va Shiroq, Jaloliddin Manguberdi, millat fidoyilari Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat, Usmon Nosirning xalqimiz oldidagi xizmatlari buyuk va abadiydir.

O‘quvchi-yoshlarda umuminsoniylik, vatanparvarlik, mehmondo‘stlik, tinchliksevarlik, mehr-shafqat hissini tarbiyalashda pedagoglar quyidagi namunaviy dars ishlanmasidan foydalanishi mumkin.

Mavzu: «Mardlik va jasorat»

Darsning maqsadlari:

ta’limiy: o‘quvchilarga 9-may — Xotira va Qadrlash kuni haqida ma’lumot berish, 1941–1945-yillardagi Ikkinchi jahon urushi va unda qatnashgan, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan yurtdoshlarimizning matonati, mardlik va jasorati haqida ma’lumot berish;

tarbiyaviy: o‘quvchilarda Vatanga muhabbat, qadriyatlarni ulug‘lash, vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish, o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida mehr-oqibat, hamjihatlik, insoniylik, bag‘rikenglik va xayr-saxovat muhitini yanada mustahkamlash, yosh avlodni milliy an’analarimizga sadoqat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash;

rivojlantiruvchi: o‘quvchilarning fuqarolik burch va huquqlarini anglagan holda shaxs sifatida o‘z-o‘zini rivojlantirish layoqatini shakllantirish.

Dars shiori: “Ajdodlarni xotirlash — muqaddas qadriyat”.

Dars turi: noan’anaviy.

Dars metodi: guruhlarda ishlash, suhbat, bahs-munozara.

Dars usuli: taqdimot.

Dars jihozi: taqdimot, kompьyuter, proyektor, ekran, rag‘bat kartochkalari.

Darsning borishi

I. Tashkiliy qism.

II. Yangi mavzu ustida ishlash.

Faollashtiruvchi savollar:

1. “Xotira” va “qadrlash” deganda nimani tushunasiz?

2. Nima sababdan yurtimizda 9-may sanasi “Xotira va Qadrlash kuni” sifatida nishonlanadi?

3. Vatandoshlarimizning Ikkinchi jahon urushida g‘alabaga qo‘shgan hissasi haqida nimalarni bilasiz?

4. Mustaqillik yillarida tinchligimiz va xavfsizligimizga bo‘lgan tahdidlar haqida qanday ma’lumotga egasiz?

O‘qituvchi o‘quvchilarning javoblarini tinglab, 9-may — Xotira va Qadrlash kuni haqida atroflicha ma’lumot beradi:

— Xotira va Qadrlash — xalqimizning asriy qadriyatlaridan. El-yurtining tinchligi, osoyishtaligi, erki va ozodligi uchun kurashgan insonlar hamisha xalqimiz ardog‘ida. Ana shunday mardlik va jasorat namunasini ko‘rsatganlar, jang maydonida jonini fido qilgan bobolar, sabr-bardosh bilan katta qiyinchiliklarni yengib o‘tgan nuroniy momolarni sharaflash, xotirasini abadiylashtirish, ularga g‘amxo‘rlik va e’tibor ko‘rsatish xalqi¬mizga xos fazilatdir.

“Xotira”, “qadr” degan tushunchalar azal-azaldan el-yurtimizning tafakkuri, ma’naviy hayotimizning ajralmas qismi bo‘lib kelgan. O‘zini, o‘z el-yurtining o‘tmishini, tarixini eslamaydigan, bilmaydigan, xotirlamaydigan insonni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Xotira deganda, barchamiz qon-qonimizga singib ketgan muqaddas tuyg‘uni tushunamiz. Tarixiy xotira — bu hayot mazmunini, avlodlar o‘rtasidagi vorislik tuyg‘usini anglash demakdir. Uzoq-yaqin o‘tmishda sodir bo‘lgan voqea-hodisalardan bugungi va ertangi kun uchun zarur saboq va xulosa chiqarib yashash demakdir. O‘z bolalari va avlodlariga, ularning ongu shuuriga, ajdodlar ruhiga hurmat va ehtirom tuyg‘usi bilan yashashni singdirish demakdir.

Ikkinchi jahon urushi, uning jarohatlari el-yurtimiz xotirasida umrbod saqlanadi. Ko‘pni ko‘rgan, jafokash xalqimiz bu urushda ne-ne asl farzandlaridan, oilaning tayanchi va suyanchi bo‘lmish qancha-qancha navqiron o‘g‘lonlaridan judo bo‘lgan. Agar urush arafasida O‘zbekistonda 6,5 millionga yaqin aholi yashagan bo‘lsa, shundan 1,5 millioni urushda ishtirok etgan. Go‘dak va bolalarni, qariyalar va ayollarni hisobga olmaganda, xalqimizning 40 foizdan ko‘prog‘i qo‘liga qurol olib, jangu jadalda qatnashgan. Bu dahshatli qirg‘inda qariyb 350 mingga yaqin yurtdoshimiz, ya’ni urushda qatnashgan¬larning 25 foizga yaqini halok bo‘lganini inobatga oladigan bo‘lsak, erishilgan g‘alabaning qadr-qimmati biz uchun nechog‘li baland ekani, O‘zbekiston xalqining fashizmga qarshi kurashga qanday katta hissa qo‘shgani yaqqol namoyon bo‘ladi.

Bizning mard va jasur yurtdoshlarimiz qandaydir noma’lum tepalikni egallash uchun emas, avvalo fashizm balosini yurtimiz ostonasiga yo‘latmaslik, ota-onasi, suyukli yori, aziz farzandlari, yoru do‘stlarini, el-yurtini himoyalash, asrash uchun jangga kirgan, jon fido qilgan.

Mustaqillikni qo‘lga kiritganimizdan keyin tinchlik va osoyishtaligimizni asrash maqsadida kurashib, halok bo‘lgan yurtdoshlarimizning ham xotirasi abadiydir. Mardlik va jasorat namunasini ko‘rsatib, bugungi kunda hayot bo‘lganlar esa doimo qadr va e’zozda.

III. Mavzuni mustahkamlash uchun o‘quvchilarga quyidagi savollar beriladi.

1. Ikkinchi jahon urushi qaysi yillarda bo‘lib o‘tgan?

2. Ikkinchi jahon urushi boshlanganda yurtimiz aholisi qancha edi?

3. Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan yurtdoshlarimiz aholining necha foizini tashkil etgan?

Mavzuni mustahkamlash uchun o‘quvchilarga atama va tushunchalar berilib, klaster usulidan foydalangan holda izohlash vazifasi topshiriladi.

1. Ikkinchi jahon urushi.

2. “Xotira va Qadrlash kuni”.

3. Tinchligimizga tahdidlar.

IV. Uyga vazifa.

1. “Xotira — muqaddas” mavzusida ma’lumotlar yig‘ish.

2. “Jasorat mangu yashaydi” mavzusida kichik hikoya yozish.

Respublika ta’lim markazi

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *