«Navro’zim-sho’z sozim» tadbir senariysi

Картинки по запросу navro'z bayrami

Tadbir o‘tkaziladigan joy bahor nafasi ufurib
turgan turfa gullar, fasllar kelinchagining
tarovati aks etgan manzara va suratlar bilan
bezatilgan. Sinf o‘quvchilari yarim doira
shaklida o‘tirishadi. Ular respublikamizning turli
hududlari an’analari aks etgan milliy liboslarda
namoyon bo‘ladilar.
1- boshlovchi:
Bugun shodiyona Navro‘zi olam,
Orziqib kutilgan navbahor to‘yi.
Assalom, Yangi yil! Assalom, bayram!
Senga atalgusi yuraklar kuyi.
2- boshlovchi:— Assalomu alaykum,
davramizga tashrif buyurgan aziz mehmonlar,
bahor ayyomingiz muborak bo‘lsin!
3- boshlovchi:— Assalomu alaykum,
shodiyonamiz ishtirokchilari. Sizlarni Navro‘z —
bahor bayrami, yasharish, poklanish ayyomi
bilan chin dildan tabriklaymiz.
(Qizlar ijrosida «Bahor» raqsi).
1- boshlovchi:— Xalqimiz asrlar davomida
o‘ziga xos va xilma-xil urf-odatlar, marosimlarni
yaratgan va nishonlab kelgan. Barcha udumlar
va marosimlar jamoa bo‘lib o‘tkazilgan, ulardan
biri Navro‘z bayramidir. Uning o‘z tarixi bor.
Navro‘z Markaziy Osiyo va Sharq xalqlarining
qadimiy bayrami bo‘lib, yil boshi sifatida
nishonlanib kelinadi.
2- boshlovchi:— Navro‘z bayrami 21- mart
kuni nishonlanib, aynan kun va tun teng bo‘lgan
paytga mos keladi. Qadim-qadimdan Navro‘z
kishilarning sevimli ayyomi bo‘lgan. Hatto
urush-janjallar ham to‘xtatilgan, gina-kuduratlar
kechirib yuborilgan.
3- boshlovchi: — Navro‘z — tabiat sirlarini
namoyish etuvchi ayyom. Bu bayram, avvalo,
tabiatning jonlanishi, yangilanishi, yurtimizga
go‘zal bahor faslining kirib kelib, kelinchakdek
o‘z sepini keng yozishi bilan boshlanadi.
1- boshlovchi: — Bugun biz O‘zbekistonimiz bo‘ylab sayohatga chiqamiz va har bir
hududning Navro‘z ayyomini o‘ziga xos tarzda
nishonlashini sizlarga namoyish etamiz. Birinchi
manzilimiz — go‘zal va betakror Vodiy.
(Namanganning chevar qizlari o‘ziga xos
do‘ppilarini «Do‘ppi tikdim» qo‘shig‘i orqali
namoyish etishadi).
O‘quvchi:
Bahribayt aytmoqqa keldik,
Davrani tor olmangiz.
Bellashuvda dog‘da qolib,
Sovrindan kech qolmangiz.
(Andijonlik yigit-qizlar lapar aytishuvini
boshlaydilar).
(«Navro‘z qo‘shig‘i»)
Boychechak chiqibdi, bugun Navro‘z ekan!
Hamma bir-biriga jigar so‘z ekan!
Olam ham barobar kecha-kunduz ekan!
Boychechak chiqibdi, bugun Navro‘z ekan!

Yangi yilingiz muborak bo‘lsin hoy, bobo!
Yangi yilingiz muborak bo‘lsin hoy, momo!
Yangi yilingiz muborak bo‘lsin hoy, ona!
Boychechak chiqibdi, bugun Navro‘z ekan!
2- boshlovchi:— Eshityapsizmi, erkin, shodon,
sho‘xchan qushchaning sayrashini? Lov-lov yonib,
xonatlas ranglariga burkanib, butun tarovati-yu latofatini
namoyish qilib, fasllar kelinchagi bo‘lmish bahor zeb
bilan Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi.
(Bahoriy gullar bilan bezangan Ko‘klamoy kutib oladi).
Bahoroy:
Uyg‘onguvchi bog‘larni kezdim,
Topay dedim qirdan izingni.

Yanog‘ingdan rang olgan dedim,
Lolazorga burdim yuzimni.
Uchratmadim ammo o‘zingni,
Sen bahorni sog‘inmadingmi?
O‘quvchi: — Sog‘indik, biz uni juda intizorlik bilan
kutdik. Qishli-qirovli kunlarni o‘tkazib va, nihoyat, bugungi
quvonchli kun Navro‘zi olamga erishdik.
(«Bahor keldi» qo‘shig‘i).
O‘quvchi:
Serviqor kezmoqda o‘lkamda ko‘klam,
Bahor nafasi-la yasharmish o‘lkam.
Dillarda xonish-u, tabiatda noz,
Qanotli orzular etgusi parvoz.
3- boshlovchi:— Sog‘ingan faslimiz ko‘hna va
navqiron Samarqandda bahor taomlari namoyishi bilan
boshlandi. Navro‘zning bosh taomi bo‘lgan sumalak,
ko‘k somsa-yu halimlar barchamizga xush yoqadi.
(Navro‘z taomlari bilan bezatilgan stol atrofida o‘quvchilar
o‘zbekona lutf bilan qator turadilar).
(«Sumalak» qo‘shig‘i kuylanadi).
1- boshlovchi: — Xalqimiz yangi kun tantanalarini
kurash va ko‘pkari o‘yinlarisiz o‘tkazmaydi. Voha
tomonlarga qilgan sayohatimizda buning guvohi bo‘ldik.
Kuraklari yerga tegmagan qashqadaryolik mard
o‘g‘lonlar kurash tushsa, surxondaryolik yigitlar ot
choptirib, ko‘pkariga shoshiladi.
(Sahnada ikki o‘g‘il bola kurash tushadi).
O‘quvchi: — Olis-olis tomondan, ming chaqirimlik
masofadan lazgining sadosi kelayotir. Xorazm
makonidagi saylni lazgisiz tasavvur eta olmaymiz.
(«Xorazm lazgisi» raqsi)

2- boshlovchi:— Navro‘z hamisha shoirlar
qalbini rom etib, bitmas-tuganmas ilhom manbayi
bo‘lib kelgan. Sharq mutafakkirlaridan tortib
endigina she’r mashq qila boshlagan havaskor
shoirlargacha Navro‘z to‘lqini orqali go‘zallik va
nafosatni madh etib she’r bitganlar.
O‘quvchi:
Yana ko‘k toqida varrak dirillar,
Cho‘pon chaylasida gulxan gurillar.
Binafshani ko‘zga surgan qarilar,
Xaq so‘zingiz elga taborak bo‘lsin!
Do‘stlar, Navro‘zingiz muborak bo‘lsin!

O‘quvchi:
Boriga baraka, degan elimga,
Mayizni qirq bo‘lib yegan elimga,
Mehnatkash, jafokash, tanti elimga
Derman: rizq-ro‘zingiz taborak bo‘lsin!
Do‘stlar, Navro‘zingiz muborak bo‘lsin!
O‘quvchi:
Yorqin iqbolingga boqaman mamnun,
Baxting butun erur bo‘lmagay chorak.
Elim qutlug‘ senga asal totli kun,
Bahorim, Navro‘zing bo‘lsin muborak!
(Raqs «Navro‘z kelibon»).
O‘quvchi: — Bugungi sayohatimiz nihoyasida ko‘hna
va hamisha navqiron poytaxtimizga yetib keldik.
Yurtimizda bayram katta tantana bilan nishonlanmoqda.
(«O‘zbekiston» qo‘shig‘i).
O‘quvchi:— Hurmatli mehmonlar, ustozlar, aziz
o‘quvchilar, mana bugungi bayramimiz o‘z nihoyasiga
yetmoqda. Lekin bu «Bayram tugadi» degani emas.
1- boshlovchi:— Ha, albatta. Navro‘z davom etadi.
U o‘lkamizga yashil libos kiydirib, gullarga burkagan
sari, qushlarning sayrashida, raqqosalarning raqsida,
yigitlarning bellashuvlarida, boringki, xalq sayillarida
namoyon bo‘laveradi.
2- boshlovchi:— Sizlarni yana bir bor bayram
bilan qutlaymiz! Yurtimiz tinch bo‘lsin! Barchangizga
sog‘lik, oilaviy xotirjamlik, omadlar tilaymiz va
sayohatimiz kelgusi tadbirlarimizda davom etadi, deb
qolamiz.
3- boshlovchi:
Bahor gullaridan guldasta sizga,
Chin qalbim tabrigi payvasta sizga.
Bir asr yashang-u, yana nim chorak,
Do‘stlar, Navro‘zingiz bo‘lsin muborak!

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *