Mangu barhayot siymo

Mangu barhayot siymoYoshlarimizning vatanparvar, ma’naviyatli shaxs bo‘lib ulg‘ayishida ulug‘ ajdodlarimizning o‘lmas merosi, ma’naviy xazinasi katta o‘rin tutadi. Jumladan, o‘quvchilar fevral oyida umumta’lim maktablarida keng nishonlanadigan Alisher Navoiy tavalludining 577 yilligi va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 535 yilligi munosabati bilan har ikki allomaning adabiy merosini yanada kengroq o‘rganish imkoniga ega bo‘ladi.

Xalq ta’limi vazirligi tomonidan har yili maktablarda “Navoiyxonlik” va “Boburxonlik” oyligi o‘tkaziladi. Adabiy kechalar, ma’naviyat soatlari, ma’rifiy tadbirlar tashkil etiladi. Shu bilan birga, “Buyuk ajdodlarni yod etib…”, “Navoiy lirikasi”, “Farhod — mardlik timsoli”, “Boburnoma”ni o‘qib…”, “Bobur ruboiylaridan olgan taassurotlarim” kabi mavzularda adabiyot, she’riyat bayramlari, insholar tanlovi, mushoiralar o‘tkaziladi.

Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida “Navoiyxonlik” va “Boburxonlik” tadbirlarini yanada samarali o‘tkazish uchun quyidagi namunaviy tadbir senariylaridan foydalanish tavsiya etiladi.

“MANGU BARHAYOT SIYMO” nomli adabiy-ma’rifiy kecha senariysi

Tadbirning bosh maqsadi — Alisher Navoiy asarlarida targ‘ib etilgan komil inson g‘oyasi hamda ezgu fazilatlarni o‘quvchilar ongiga singdirish.

(Maktabning majlislar zali bayramona bezatilgan. Sahna to‘riga Alisher Navoiyning portreti va ibratli misralari, asarlariga ishlangan rasmlar tasvirlangan devoriy gazetalar ilingan. Sahnaga 2 ta aylana stol qo‘yilib, har bir stol atrofida 10-12 nafardan o‘quvchi joylashadi. Ishtirokchilar — 9-,10-sinf o‘quvchilari uch bosqichda bellashadi. Ularni ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilaridan iborat hakamlar baholab boradi. Tadbirda Yoshlar ittifoqi yetakchisi boshlovchilik qiladi. Dastlab Alisher Navoiyning hayoti va ijodi bo‘yicha ma’lumot beriladi).

Tadbir Alisher Navoiy g‘azallari bilan aytiladigan mumtoz qo‘shiqning mayin sadosi ostida boshlanadi.

Boshlovchi: — Hurmatli ustozlar, aziz o‘quvchilar, «Mangu barhayot siymo» deb nomlangan adabiy kechamizga xush kelibsiz! Bugungi tadbirimizni ochib berish uchun so‘zni maktabimiz direktoriga beramiz…

(So‘ng ikki guruhga bo‘lingan o‘quvchilar bilimi sinaladi).

Boshlovchi:

So‘zdurki, nishon berur o‘likka jondin,

So‘zdurki, berur jonga xabar jonondin.

Insonni so‘z ayladi judo hayvondin,

Bilkim, guhari sharifroq yo‘q ondin.

Birinchi bosqichning birinchi shartida ikki guruhdan o‘quvchilar chiqib, 1 ta oddiy va 1 ta muammoli savol tanlaydi hamda guruh bilan birga 3 daqiqa davomida tayyorgarlik ko‘radi.

Birinchi shart savollaridan namuna:

1. Navoiyning birinchi devoni va “Xamsa” asari nechanchi yillarda yaratilgan?

2. Biror hikoyatning mazmuni muammo tarzida beriladi. O‘quvchi o‘z mustaqil fikriga tayanib, uning yashirin ma’nosini topadi.

Ikkinchi shart: berilgan suratni izohlash. O‘quvchilar o‘zaro fikrlashib, izohlarini sharhlab berishadi.

(Savollarga javob topish uchun berilgan vaqtda 7-sinf o‘quvchilari badiiy chiqish qiladi. Ular Navoiy asarlari asosida yaratilgan kuy-qo‘shiqlarga raqs ijro etishadi).

Ikkinchi bosqichning birinchi sharti — Navoiy g‘azallari, ruboiy va qit’alaridan namunalarni yoddan ifodali o‘qish.

(O‘quvchilar Navoiy ijodidan namunalar o‘qib beradi. Hakamlar ishtirokchilar mahoratini baholaydi).

Keyingi shartda guruhlar monitorda berilgan raqamlar ortiga yashiringan Navoiy baytlarini ikki daqiqada topishi, sharhlashi va qo‘llangan she’riy san’atlarni aniqlashi lozim. Agar belgilangan vaqtda guruh vazifani uddalay olmasa, ikkinchi guruh ishtirokchilariga imkon beriladi.

Namuna:

1. Kimki jahon ahlida inson erur,

Balki nishoni anga iymon erur.

Lug‘at so‘zlar: nishon – belgi. Mazmuni: Kim bu dunyoda inson deb atalar ekanki, uning belgisi iymon bilan o‘lchanadi. Iymonsizni odam deb atab bo‘lmaydi (Sifatlash san’ati qo‘llangan).

2. Shabistonida tug‘di bir yangi oy,

Yangi oy yo‘qki, mehri olamoroy.

Lug‘at so‘zlar: Shabiston – kechasi, tug‘di – tug‘ildi, yangi oy deganda esa Farhod nazarda tutilmoqda. Mehri olamoroy – quyosh ma’nosida kelgan.

Mazmuni: kechasi yangi oy tug‘ildi, uni yangi oy demaki, olamni yorituvchi quyosh edi (Istiora san’ati qo‘llangan).

Uchinchi bosqichda guruh ishtirokchilari tayyorlab kelgan sahna ko‘rinishi namoyish etilib, unga raqib guruh tomonidan izoh beriladi. Misol uchun, birinchi guruh “Farhod va Shirin” dostonidagi Farhod va Xusravning munozarasini sahnalash¬tiradi. Ikkinchi guruh buni izohlaydi.

Namuna: Farhod dostonning bosh qahramoni bo‘lib, mardlik timsolidir. U ishq ta’sirida doimo g‘amgin, alam va dardga ko‘milgan edi. Boniydan me’morchilikni, Moniydan naqqosh¬likni, Qorandan tosh yo‘nishni o‘rganadi…

Xusrav salbiy qahramon bo‘lib, ma’naviyatsiz, ishqda zabun, makr-hiyla bilan ish yurituvchi shaxs sifatida tasvirlangan.

Uchala bosqich yakuniga ko‘ra boshlovchi hakamlar xulosalari asosida g‘olib jamoa nomini e’lon qiladi. Faol o‘quvchilar maktab rahbariyati tomonidan taqdirlanadi. Alisher Navoiy tavalludi munosabati bilan o‘tkazilgan kecha nihoyasiga yetgani e’lon qilinadi.

Respublika ta’lim markazi

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *